KIBERJOSUSLIKNI KVALIFIKATSIYA QILISHNING ZAMONAVIY XALQARO-HUQUQIY MUAMMOLARI

2022-01-17T14:56:54+03:00
Mirzayev Shuxrat Mashrabovich
Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti mas’ul xodimi
Ключевые слова:
Аннотация:

Josuslik – bu davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan va chet el hududiga jismoniy kirish yoki masofaviy ma’lumot to‘plash vositalaridan foydalanish orqali amalga oshiriladigan yashirin operatsiya (yoki bunday operatsiyalarning bir nechtasi) hisoblanadi. Urush vaqtida (bu davrga xalqaro qurolli to‘qnashuvlar huquqining tegishli normalari taalluqli bo‘ladi) va tinchlik davrida amalga oshirilgan josuslikni farqlash kerak. Xalqaro huquq harbiy josuslikka nisbatan cheklangan ruxsat etilganlik rejimini o‘rnatgan bo‘lsa-da, tinchlik davridagi josuslik aniq xalqaro huquqiy tartibga solinmagan.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, josuslikni xalqaro huquq bo‘yicha kvalifikatsiya qilish noaniq va qarama-qarshi, kolliziyalarga boydir[1]. Tinchlik davridagi josuslikni tartibga solishning xalqaro shartnomalari mavjud bo‘lma-gan sharoitda, tadqiqotchilar qilmishning maqomini aniqlash uchun xalqaro odat huquqiga murojaat qilishadi.

University of Detroit Mercy School of Law (AQSh) professori N. Jupillat ta’kidlaganidek, doimiy va keng tarqalgan josuslik amaliyotining qonuniy va huquqiy ekanligini tan olish uchun, opinio juris bo‘lishi lozimligi talabiga rioya qilishning o‘zi yetarli emas, boisi, muallifning fikricha, josuslikka nisbatan bu qoida amalda deyarli kuzatilmaydi: davlatlar to‘liq qonuniylik asosida ish olib borayotganini hisobga olib, bir-birlariga josuslik qilmaydi; ular josuslikning nizoli xususiyatidan xabardor; bundan tashqari, davlatlar tarixan o‘z ayg‘oqchi-larining sudlanganligi, deportatsiya qilingamligi yoki personae non gratai deb e’lon qilinishiga norozilik bildirmagan[1]. Bu davlatlar o‘zlarining josuslik harakat-larini qonuniy deb hisoblamasligidan dalolat beradi. Xalqaro majburiyatlarni oldindan prezupciya qilishga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi printsipi asosida josuslikni qonuniy deb hisoblash ham mumkin emas: davlat suvereniteti haqiqatan ham uning harakatlarining qonuniyligi prezumpsiyasini anglatadi, ammo ular boshqa davlatlar suveren huquqlariga zarar etkazmasligi shart[1].

Ko‘p hollarda josuslik ob’ekti bo‘lgan davlatlarning o‘z xatti-harakatlari uning qonuniyligini anglatgan holda noto‘g‘ri talqin qilinadi: davlatlarning javobgarlikni amalga oshirish uchun sud yoki diplomatik vositalarga murojaat qilmasligi keng tarqalib ketganligi ularning josuslik ob’ekti bo‘lishga roziligini anglatmaydi, yoki ularga nisbatan majburiyat yo‘qligini tan olishni ko‘zda tutmaydi. Bag‘rikenglik qonuniylikni anglatmaydi: davlatlar status quo saqlab qolish, bu borada noaniqlikni ushlab turish, shuningdek, josuslik bilan shug‘ullanish istagiga ega. Shunday qilib, josuslik asosan tartibga solinmagan faoliyat bo‘lib, na qonuniy, na noqonuniy bir soha, o‘ziga xos “kulrang zonada” qolgan.

Yel yuridik maktabi (AQSh) doktoranti A. Luben biroz boshqacha fikrni himoya qiladi[3]. U josuslik huquqini davlatning suveren huquqi (jus ad explorationem) deb hisoblaydi va uning chuqur tarixiy ildizlarga ega ekanligini, suverenitetning Vestfal kontseptsiyasi bilan chambarchas bog‘liqligini va zamonaviy xalqaro huquqiy tartibotda o‘z ahamiyatini saqlab qolganini ta’kidlaydi[3]. Muallifning fikriga ko‘ra, xalqaro huquqiy miqyosda kuch ishlatish va boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashishni taqiqlashning tan olinishi bu huquqqa juda oz ta’sir ko‘rsatdi, chunki bu davlatning mohiyati va mavjudligi huquqidan kelib chiqadi, shu jumladan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomining 51-moddasida belgilangan o‘zini o‘zi himoya qilish huquqini tan oladigan qoidalariga ko‘ra global xavfsizlik tuzilmasidan kelib chiqadi.

Xalqaro huquqning josuslikka nisbatan o‘ta sabr-bardoshli va tolerantligi Syracuse University College of Law (AQSh) faxriy professori, Milliy xavfsizlik va terrorizmga qarshi kurash instituti direktori (AQSh) U.Benks tomonidan qayd etilgan. U xalqaro huquqni bugungi kunda rivojlangan iqtisodiy josuslik va ommaviy elektron kuzatuv amaliyotining “befarq guvohi” deb ataydi[2]. Garchi hozirgi status quo razvedka faoliyatin yuritish uchun yetarli moliyaviy va texnologik resurslarga ega bo‘lgan davlatlarni qanoatlantirsa-da, bu holat shiddat bilan o‘zgarmoqda. Kibermakon turli davlatlar pozitsiyalaridagi tengsizliklarni kamaytiradi: qudratli davlatlarning jiddiy kiberresurslari ularning davlat va xususiy sektorlarida sezilarli zaifliklarni taqozo etadi. Bu ularni josuslikni cheklash yo‘llarini izlashga majbur qilmoqda.

  1. Djupillat joriy xalqaro huquq salohiyati kiberjosuslik amaliyotining rivojlanishiga qarshilik ko‘rsatish imkonini berishi haqidagi pozitsiyani himoya qiladi, chunki kiberjisuslik an’anaviy josuslikdan, jumladan, unga huquqiy baho berishda ancha farq qiladi. Muallif ma’lumotlarni masofaviy yig‘ish usullarining bir nechta toifalarini ajratib ko‘rsatib, agar uning ob’ekti bir davlatda joylashgan bo‘lsa va tegishli faoliyat boshqa davlat tomonidan yoki uning nomidan amalga oshirilsa, kiberjosuslik deb tasniflanishi mumkin deydi[1]. Bu usullarga kompyuter tarmoqlaridan foydalanish, aloqa vositalarini razvedka qilish yoki ushlash, davlat-xususiy sheriklik yoki xalqaro shartnomalar asosida faoliyat yurituvchi maxfiy axborot almashish dasturlarini kiritadi.

Kompyuter tarmoqlaridan foydalanish (shu jumladan xakerlik hujumlari) majburlashdan foydalanish bilan bog‘liq deb hisoblanishi mumkin, bu qilmishni boshqa davlatlarning ishlariga noqonuniy aralashuv sifatida kvalifikatsiya qilish sharti hisoblanadi. Bundan tashqari, xakerlik hujumlari hududga noqonuniy kirish potentsial shakli hisoblanadi, chunki davlatlar o‘z hududida joylashgan davlat yoki xususiy kiber infratuzilmaga nisbatan suveren huquqlarga ega.

Aloqa vositalarini razvedka qilish yoki ushlash usuli raqamli asrda yangi, shu jumladan ekstraterritorial va transmilliy xususiyatdagi imkoniyatlarga ega bo‘ldi. Ushbu usuldan foydalanishning huquqiy kvalifikatsiyasi ushlash qayerda sodir bo‘layotganiga bog‘liq bo‘lishi mumkin. Masalan, suv osti kabellariga ulanish (ular Internet-trafikning qariyb 99 foizini tashiydi) 1884 yildagi suv osti telegraf kabellarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro konventsiyaga zid bo‘lishi mumkin.

Chet el hududida ushlash punktlari yoki maxsus serverlarni joylashtirish boshqa davlatlarning ishlariga noqonuniy aralashishning bir ko‘rinishi, bunday infratuzilmani xalqaro rejimga ega bo‘lgan hududlarda joylashtirish esa ulardan tinch maqsadlarda foydalanish maqsadiga zid bo‘lishi mumkin. Shuningdek, ko‘lami va kontekstga qarab, davlat o‘z hududidan bevosita amalga oshirilgan aloqalarni ushlab qo‘lishi ham noqonuniy bo‘lishi mumkin.

Yashirin axborot almashish dasturlarini amalga oshirish, agar u hududida axborot to‘plangan davlat qonunchiligiga zid bo‘lsa yoki uchinchi davlatga qarshi qaratilgan bo‘lsa, davlat suverenitetini ham buzishi mumkin. Bunday dasturlar davlat xizmatlarining internet provayderlar, telekommunikatsiya kompaniyalari, internet-kompaniyalar (ijtimoiy tarmoqlar, “bulutli” xizmatlar, servis ilovalari va boshqalar) bilan tuzilgan shartnomalari, shuningdek, xalqaro shartnomalar asosida amalga oshiriladi.

N.Jupillatning so‘zlariga ko‘ra, kiberjosuslik, bir qator sabablarga ko‘ra davlatlar o‘rtasida keskinlikning kuchayishi va nizolarning paydo bo‘lishi xavfini yaratadi, bu uning misli ko‘rilmagan miqyosi, o‘ziga xos xususiyatlari va ehtimoliy oqibatlari bilan bog‘liq[1]. Kiberjosuslikning iqtisodiy samaradorligi va uning masofaviy tabiati global Internetning tobora taraqqiy etib borishi bilan birgalikda ma’lumotlarni ommaviy yig‘ish uchun misli ko‘rilmagan imkoniyatlarni ochib beradi va shuningdek, uni an’anaviy shakllardagi josuslik amaliyot-chilariga qaraganda kengroq davlatlar uchun ochib beradi. Zamonaviy texno-logiyalar razvedka maqsadlarida katta hajmdagi ma’lumotlarni qayta ishlash imkonini beradi. Natijada, kiberjosuslik amaliyotida jiddiy “sakrash” sodir bo‘ldi, bu esa, o‘z navbatida, uning sifat xususiyatlarining o‘zgarishini keltirib chiqardi: an’anaviy, “bir nuqtaga qaratilgan” josuslik davlat manfaatlariga kamroq zarar yetkazar edi va kirib borishi uncha chuqur emasdi. Bundan tashqari, kiber-josuslik garov moddiy yoki nomoddiy zarar etkazish bilan birga bo‘lishi mumkin.

Bizning fikrimizcha, kiberjosuslikning ushbu o‘ziga xos xususiyatlari uning xalqaro huquqiy kvalifikatsiya qilish va xalqaro huquqdagi an’anaviy josuslikning mavhum maqomi o‘rtasidagi farqlarni ham belgilaydi. Aralash-maslik to‘g‘risidagi amaldagi xalqaro huquqiy kontseptsiya tegishli aktlarning ko‘lami va mazmunidan kelib chiqqan holda kiberjosuslik amaliyotining rivojlanishini cheklash imkonini beradigan koordinatalar tizimidir. Bir qator davlatlarda (Braziliya, Frantsiya, Germaniya, AQSh) AQSh Milliy xavfsizlik agentligi tomonidan ommaviy kuzatuv faktlari aniqlanganligi munosabati bilan tutgan pozitsiyalari shuni ko‘rsatadiki, bu miqyos kiberjosuslikni unchalik maqbul deb bilmaydi, chunki bu davlatlarga o‘z hududida inson huquqlari asosiy kafolatlarini ta’minlashga imkon bermaydi.

Boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashishga yo‘l qo‘yilmasligi xalqaro huquqiy tamoyili kiberjosuslik amaliyotining rivojlanishiga qarshi kurashishning eng asosiy huquqiy negizlaridan biri hisoblanadi. V. Banks boshqa yondashuvlarga ham e’tibor qaratadi[2]. Jumladan, elektron kuzatuvni inson huquqlari nuqtai nazaridan 1966 yildagi Fuqarolik siyosiy huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro paktning 17-moddasidagi shaxsiy hayotga o‘zboshimchalik yoki noqonuniy aralashuvdan himoyalanish kafolatlari va inson huquqlariga doir boshqa xalqaro bitim va shartnomalarning tegishli qoidalarini buzilishi deb hisoblash mumkin. Shuningdek, davlatlar milliy xavfsizlik va boshqa maqsad-larda (shu jumladan iqtisodiy va tijorat) josuslikni farqlash, tor ma’noda xavf-sizlikni ta’minlashga qaratilmagan tegishli xatti-harakatlarga nisbatan murosa-sizlik pozitsiyasini tanlashi mumkin. Buning uchun xalqaro miqyosda ichki huquqiy tartibga solish tajribasidan foydalanish mumkin, Jahon savdo tashkiloti mexanizmlari jalb qilinishi va 2001-yildagi Kompyuter axboroti sohasidagi jinoyatlar to‘g‘risidagi konventsiyaning tegishli qoidalari bilan to‘ldirilishi mumkin.

Lincoln Memorial University Duncan School of Law (AQSh) huquq professori M. Reyd iqtisodiy josuslikka qarshi kurashda alohida davlatlarning tajribasini o‘rganadi. U AQSh, Kanada, Yangi Zelandiya, Buyuk Britaniya, Avstraliya, Yaponiya va ayrim Lotin Amerikasi davlatlarining yondashuvlarini tahlil qiladi va kiberjosuslik amaliyotining faol rivojlanishi va bu chaqiruvga global javob berishning kamchiliklarini qayd etadi[4]. Muallif buning sabablarini rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlar manfaatlari o‘rtasidagi qarama-qarshilik, davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi munosabatlarni o‘rnatishga bo‘lgan yondashuvlardagi farqlar, turli mamlakatlardagi madaniy va huquqiy tushunchalarning farqlanishi, milliy jinoyat qonunchilik siyosati yetarli darajada qat’iy emasligi bilan bog‘laydi.

Библиографические ссылки:
Banks W.C. Cyber espionage and electronic surveillance: Beyond the media coverage // Emory law journal. - Atlanta, 2017. - Vol. 66, Issue 3. - P. 513-525.
Jupillat N. From the Cuckoo's Egg to global surveillance: cyber espionage that becomes prohibited intervention // North Carolina journal of international law and commercial regulation. - Chapel Hill, 2017. - Vol. 42, N 4. - P. 974-978.
Lubin A. Espionage as a sovereign right under international law and its limits // International law students association quarterly. - Washington, 2016. - Vol. 24, Issue 3. - P. 22-28.
Reid M. A comparative approach to economic espionage: is any nation effectively dealing with this global threat? // University of Miami law review. - Coral Gables, 2016. - Vol. 70, Issue 3. - P. 757-829.
Опубликован
2022-01-17
Материал
Просмотров: 0
Как цитировать
Mirzayev Shuxrat Mashrabovich (2022). KIBERJOSUSLIKNI KVALIFIKATSIYA QILISHNING ZAMONAVIY XALQARO-HUQUQIY MUAMMOLARI. Правовые вопросы противодействия мошенничеству и кибер преступлений, 40-45.
Рубрика
Правовые вопросы противодействия мошенничеству и кибер преступлений
Конференция
Страницы
40-45
Лицензия
Copyright (c) 2021 Mirzayev Shuxrat Mashrabovich
creativecommons
Это произведение доступно по
лицензии Creative Commons «Attribution» («Атрибуция») 4.0 Всемирная.
Article on Google Scholar

Поделитесь Этой Историей, Выберите Свою Платформу!

Заголовок